15 Fevral 2021 yil 675

Rasmiy munosabat: You Tube videoxostingidagi kanalda “Xorazm GAIlar bilan janjal, YPX xodimlari to‘g‘ri ish qilishdimi?” nomli sarlavha ostida namoyish etilgan videolavha yuzasidan

2021 yil 12 fevral kuni  You Tube videoxostingidagi kanalda “Xorazm GAIlar bilan janjal, YPX xodimlari to‘g‘ri ish qilishdimi?” nomli sarlavha ostida namoyish etilgan videolavha taalluqligi jihatidan Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilib, ishtirokchilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun xizmatga oid surishtiruv boshlandi.

Surishtiruvning dastlabki bosqichida quyidagilarga aniqlik kiritildi:

Xorazm viloyati IIB YHXB shaxsiy tarkibi tomonidan viloyat hududida yo‘l harakatini namunali tarzda tashkil etish hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan manzilli va maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Avtomobil transportida yuk tashish bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni aniqlangan bo‘yicha o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari ham aynan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgandir.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan videolavhada 2021 yil 7 fevral kuni Hazorasp tumani G‘.G‘ulom ko‘chasida yuk tashish qoidalarini qo‘pol ravishda buzib harakatlanib kelayotgan GAZ-31029 rusumli avtomashina shu yerda xizmat olib borayotgan YPX inspektori tomonidan to‘xtatilib, qoidabuzarligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish maqsadida haydovchidan tegishli hujjatlarni taqdim etish so‘ralganida, qurilish mollari bozorida yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi boshqa haydovchilar ushbu jarayonga asossiz aralashib, YPX inspektorining o‘z xizmat burchini bajarishiga qarshilik ko‘rsatib,  inspektorning o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka GAZ-31029 rusumli avtomashina haydovchisini omma oldida ochiqdan-ochiq daʼvat qilishgan.

Bugungi kunda mazkur jarayonga aloqador barcha fuqarolarning shaxsi to‘liq aniqlangan va holat yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv jarayonida ularning hatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Qabul qilingan yakuniy qaror bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech