Rasmiy munosabat: You Tube videoxostingidagi “Negativ” kanalida eʼlon qilingan sobiq profilaktika inspektori J.Tojiyevning videomurojaati yuzasidan
Joriy yilning 15 dekabr kuni You Tube videoxostingidagi “Negativ” kanalida Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining sobiq profilaktika inspektori Jurʼat Tojiyevning videomurojaati eʼlon qilingan.
Sobiq xodim Jurʼat Tojiyev o‘zining ushbu videomurojaatida Kanadada yashovchi Ismat Xushevning so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar yuzasidan bildirgan fikriga qo‘shilmasligini, aksincha inkor qilishini bayon qilgan.
J.Tojiyev 2012 yilning fevral oyidan 2017 yilning oktyabr oyiga qadar ichki ishlar organlarida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan bo‘lib, o‘zining salbiy hislatlariga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgach, shaxsiy iltimosiga binoan ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatilgan.
Uning ushbu videomurojaatidagi fikrlari hech qanday asosga ega emas, chunki J.Tojiyev yuqorida taʼkidlab o‘tganimizdek 2017 yilning oktyabr oyiga qadar ichki ishlar organlarida xizmat qilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlardan mutlaqo bexabardir.
Bundan tashqari Jurʼat Tojiyevning nafaqat ichki ishlar organlarida balki boshqa barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ijobiy islohot va yangilanishlarni to‘g‘ri maʼnoda qabul qila olmasligini ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa videomurojaatlarida ham kuzatish mumkin.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati