12 Dekabr 2020 yil 803

Safimizdagi fidoyilar: Profilaktika inspektori mayor Azamat Safarbоyev

Saparboyev Azamat Bekberganovich 1984 yili Xorazm viloyatining Urganch tumanida tug‘ilgan. 2004 yil Urganch Davlat universitetini tugatgan. 2006 yilda IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash bo‘yicha oliy kurslarini tamomlab, ilk faoliyatini Xonqa tumani IIB HPG jazoni ijro etish inspeksiyasi inspektori lavozimida boshlagan. 2015 yildan Urganch tumani IIB HPB tayanch punkti profilaktika katta inspektori lavozimida xizmat qilib kelmoqda.

 Mayor A. Saparboyev zimmasiga Urganch tumanidagi 3600 nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan G‘alaba mahallasi osoyishtaligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan. Bunday muhim ishni amalga oshirish bilan birga mahallada ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarni rivojlantirishga ham munosib hissa qo‘shib kelayotir. Shuningdek, ayni kunlarda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham faol ishtirok etmoqda.

Qahramonimiz joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalla hududida turli huquqbuzarliklar sodir etgan 65 nafar fuqaroga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirdi. Ikki nafar muqaddam sudlangan shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat o‘rnatdi. Huquqbuzarlik sodir qilishga moyil bo‘lgan 16 nafar shaxsni profilaktik hisobga oldi. Turli kelishmovchiliklar sababli ajralish yoqasiga kelib qolgan 4 ta oilada sog‘lom muhitni yaratdi. Mahalla hududida krantin qoidalarini buzgan 17 nafar fuqaroga nisbatan qonuniy choralar ko‘rdi. U fuqarolar tomonidan bildirilgan 35 ta ariza va shikoyatlarni o‘z muddatida o‘rganib chiqib, ijobiy hal qilishga erishdi.

Mahalla faollari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida mahalla hududida jinoyat sodir qilinishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Mayor Azamat Saparboyev “Qoradori-2020” tezkor profilaktik tadbirida ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, shu yilning fevral oyida samarqandlik K. Yu.ning Xorazm viloyatida marixuana giyohvandlik vositasini sotish bilan shug‘ullanayotganidan xabar topib, bu haqda viloyat IIBga axborot beradi. Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida K. Yu. Urganch tumanidagi Uch ko‘prik mahallasi hududida 80 gramm zahri qotilni sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Shuningdek, Mayor A. Saparboyev tuman hududida yo‘l-transport hodisasi sodir etib, yaʼni piyodani urib yuborib, voqea joyidan yashiringan yangibozorlik X. X.ni topishda ham faollik ko‘rsatdi.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri

Text to speech