Safimizdagi fidoyilar: Mayor Sanjarbek Sapayev, Bog‘ot tumani IIB HPB profilaktika katta inspektori
Sapayev Sanjarbek Farhodovich Bog‘ot tumanidagi “Nayman” qishlog‘ida tug‘ilgan. 2008 yil Yong‘in xavfsizligi oliy harbiy-texnika bilim yurtini tamomlab, 2015 yilga qadar mazkur ilm dargohida o‘qituvchilik qilgan. 2015 yildan Bog‘ot tumani IIB HPB profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini davom ettirgan. Ayni kunda u tuman IIB HPB 450-ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika katta inspektori vazifasida xizmat qilmoqda.
-Mayor Sanjarbek Sapayev zimmasiga 4700 nafardan ziyod aholi istiqomad qilayotgan tumandagi “Qalajiqqala” mahallasi osoyishtaligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan,-deydi tuman IIB JXX HPB boshlig‘i, mayor Umid Yoqubov.-U o‘zbek, turkman, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz, tatar kabi o‘ndan ortiq millat vakillari istiqomad qilayotgan ushbu hududda jamoat tartibini saqlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishdek masʼuliyatli vazifani sharaf bilan ado etmoqda. Uning mahalla faollari hamda jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda “Xonadonbay”, “Fuqarobay” tizimi asosida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlar natijasida odamlarning hayotga, mehnat qilishga bo‘lgan ishtiyoqi tubdan o‘zgarib, davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi yana-da ortmoqda.
Lavhamiz qaxramoni joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalla hududida turli huquqbuzarliklar sodir etgan 105 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Ikki nafar muqaddam sudlangan shaxsga maʼmuriy nazorat o‘rnatgan. Huquqbuzarlik sodir qilishga moyil bo‘lgan 11 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan. Oilaviy kelishmovchilik sabab ajralish yoqasiga kelib qolgan 3 ta oilada sog‘lom muhit yaratilgan. Shuningdek, mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha 21 marotaba targ‘ibot tadbirlari tashkil etgan. Fuqarolar tomonidan bildirilgan 27 ta ariza va shikoyatlarni o‘z muddatida o‘rganib chiqib, ijobiy hal qilishga erishgan. Amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalla hududida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Hududda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishdagi faol ishtiroki uchun mayor Sanjarbek Sapayev “III-darajali benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mamlakatimizda “30 iyul-Xalqlar do‘stligi kuni” keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan viloyatning barcha shahar va tuman hududlarida “Xalqlar do‘stligi haftaligi” doirasida ko‘plab madaniy-maʼrifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlarda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash borasidagi xayrli ishlar, ilg‘or tashabbuslar keng targ‘ib qilindi. Tadbirlar davomida ushbu sohaga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan ko‘plab yurtdoshlarimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi. Ular orasida lavhamiz qaxramoni profilaktika katta inspektori, mayor Sanjarbek Sapayev ham bor.
Haftalik yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etgan mayor Sanjarbek Sapayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonovdan mukofotni qabul qilib olar ekan, “Xalq xizmatida bo‘lish eng ulug‘ ish. Uning eʼtirofiga sazovor bo‘lish esa chinakam baxtdir. Men ana shunday eʼtirofga munosib ko‘rilgan ekanman, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashga bor bilim va mahoratimni sarflashga doim tayyorman!” deya o‘zining samimiy tilaklarini izhor etdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.