Sektorlar faoliyatidan: Aholiga bayram kayfiyati ulashishga qaratilgan madaniy tadbir o‘tkazildi
Ayni kunlarda yurtimizda Yangi yil bayrami shukuhi kezib yuribdi. Bayramona bezatilgan ko‘chayu-xiyobonlar yoshu-qari bilan gavjum, hamma bir-birini kirib kelgan yangi yil bilan tabriklab, kelgusi hayotlarida baxt va omad tilamoqda.
Xorazm viloyati IIB ham aholiga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida navbatdagi ezgu ishga qo‘l urdi.
Maʼlumki, ichki ishlar organlari rahbarlari bir vaqtning o‘zida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3-sektor rahbari ham hisoblanadi.
Ana shundan kelib chiqqan holda, viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda istiqomat qilib kelayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, xususan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar uchun Xorazm viloyati IIB tashabbusi bilan yangi yil bayramiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Xorazm viloyati Madaniyat boshqarmasi va “O‘zbekkonsert” bo‘limi hamkorlik qilgan ushbu madaniy tadbirda viloyatimizda ijod qilib kelayotgan, el suygan sanʼatkorlar o‘zlarining kuy va qo‘shiqlari bilan davraga fayz olib kirgan bo‘lsalar, rassoqalar tomonidan ijro etilgan raqslar ishtirokchilarni ham davraga chorladi.
Tinch va osoyishta yurtga mana shunday bayram va shodiyonalar yarashishini bugun barcha yurtdoshlarimiz birdek anglab yetgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati