Sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan pirotexnika vositalari hayot va sog‘liq uchun xavflidir
Xorazm viloyati IIBda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillaridan iborat maxsus guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan pirotexnika vositalarini viloyat hududiga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish hamda undan foydalanishning oldini olish maqsadida qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Viloyat hududidagi bozorlarda, o‘quv muassasalarida hamda aholi gavjum joylarida pirotexnika vositalaridan foydalanishning og‘ir oqibatlari xususida suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazilyapti. Bunday profilaktik tadbirlarga qaramasdan baʼzi nopok kimsalar mo‘may daromad topish maqsadida taqiqlangan pirotexnika vositalarini viloyat hududiga olib kirish, sotish hamda boshqa fuqarolarga o‘tkazishga urinishmoqda.
Joriy yilning 3 noyabr kuni viloyat IIB hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida urganchlik A. Sh. shahar hududida o‘ziga tegishli bo‘lgan sumka ichida 1700 dona “Britanik”, 2 dona “7 SHOT”, 1 dona “Volk” nomli pirotexnika vositalarini olib yurganligi aniqlandi.
Shuningdek, shu yilning 26 noyabr kuni qo‘shko‘pirlik D. O‘. hamda B. S. Urganch shahridagi “Sim-sim” mini marketi yonida shubhali shaxs sifatida to‘xtatilganida ularga tegishli bo‘lgan “Swissgear” yozuvli sumka ichida hech qanday hujjatsiz 6000 dona “Britanik” yozuvli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi va belgilangan tartibda hujjatlashtirib olindi.
– O‘tkazilayotgan tadbirlar davomida pirotexnika vositalarini sotish, saqlash hamda undan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan 8 ta holat aniqlandi, – deydi viloyat IIB PPX va JTSB katta inspektori, leytenant Muzaffar Raxmonov. – Qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, Yangi yil bayramini xush kayfiyatda kutib olish har birimizning saʼy-harakatimizga bog‘liq. Shunday ekan, pirotexnika vositalari bilan bog‘liq bo‘lgan noxush holatlarning oldini olishda barchamiz masʼul ekanligimizni unutmasligimiz kerak.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri