18 May 2023 yil 595

Sinovlarda sinalgan ayol. Podpolkovnik Sayyora Allaberganova faoliyati haqida 

Ichki ishlar organlarida xizmat qilgan Rajabboy ota hamda Bikajon ona yurt osoyishtaligini taʼminlash naqadar mashaqqatli hamda masʼuliyatli bo‘lmasin, farzandlari qalbida anashu kasbga mehr uyg‘otishga astoydil harakat qilishdi. Avval Odilbek, so‘ngra Sayyora ota-ona ko‘nglidagi bu istakni amalga oshirishdi. Odilbek podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqqan bo‘lsa, podpolkovnik Sayyora Allaberganova hamon safda.  

Urganch avtomobil yo‘llar texnikumini tamomlagan Sayyora viloyat ichki ishlar boshqarmasining Moliya-iqtisod bo‘limida taftishchi lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Avvaliga yurt osoyishtaligini taʼminlashdek mashaqqatli vazifani erkaklar bilan yonma-yon turib ado etish oson bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, u tanlagan kasbini yana-da chuqurroq o‘rganishga astoydil kirishdi. Ayniqsa, ustozi mayor Svetlana Jumaniyozovaning o‘gitlariga, nasihatlariga amal qilib, kasb sirlarini qunt bilan o‘rganishga intildi. Xullas, u qisqa fursat ichida mustaqil ish yuritadigan, zimmasidagi topshiriqlarni o‘z vaqtida bajaradigan xodimaga aylandi. Boshqarma rahbariyati Sayyoraning kasbiga bo‘lgan sadoqatini, intilishini inobatga olib, uni viloyat IIB Kotibiyati referenti lavozimiga tayinladi. U rahbariyat ishonchini oqlash maqsadida bu vazifaga ham yana-da masʼuliyat bilan yondoshdi. O‘zining tirishqoqligi, izlanuvchanligi, xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshishi tufayli rahbariyatning eʼtiborini qozondi. Shundan so‘ng Sayyora Allaberganova IIV akademiyasini ham muvaffaqiyatli tamomladi. Leytenant unvoniga ega bo‘lgan lavhamiz qaxramoni Urganch shahar IIB HOOB voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi inspektori, Pasport bo‘linmasi katta inspektori, Xonqa tumani IIB HPB voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish guruhi inspektori, viloyat IIB HPB voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish markazi inspektori, markaz boshlig‘i lavozimlarida samarali xizmat qildi. Ayni kunda lavhamiz qaxramoni Xonqa tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor vazifasida xizmat qilmoqda.

Podpolkovnik Sayyora Allaberganovaning o‘ttiz yillik fidoyi xizmati O‘zbekiston Respublikasi IIV hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan munosib tarzda rag‘batlantirilgan.

-Sayyora Allaberganova haqida juda ko‘p ilq fikrlar bildirish mumkin,-deydi viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bog‘ibekova.-U fidoyi xodim, tajribali murabbiy, jamoat ishlarining faol ishtirokchisi, baxtli oila bekasidir. Qolaversa, o‘zining xushmuomalaligi, odob-ahloqi, xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshishi bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan mehnatsevar ayoldir.

Jamiyatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ularning bandligini taʼminlash, mehnat jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish, oiladagi o‘rni va nufuzini oshirishdek muhim vazifalar Sayyoraning kundalik vazifasiga aylangan. Tumandagi tegishli tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlar natijasida xotin-qizlarning huquqiy himoyasi taʼminlanib, jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmayapti.

Oila muqaddas dargoh. Unga mehr qo‘yish, eʼtibor qaratish komil insonga xos bo‘lgan fazilatdir. Ayniqsa, farzand tarbiyasida ota-ona istagi, orzu-intilishlari bir maqsadga qaratilgan bo‘lishi lozim. Ana shundagina oilada sog‘lom muhit vujudga keladi. O‘g‘il-qizlar har tomonlama to‘kis inson bo‘lib voyaga yetadi. Bunday hayotiy hikmatni yaxshi anglagan Sayyora turmush tashvishlarini sabr-matonat bilan yengib o‘tishga astoydil harakat qildi. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘i Ortiq Mahmudovning vafot etishi uning ayollik matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Og‘ir musibatga bardosh bergan Sayyora xizmat burchini to‘la-to‘kis bajarib, farzandlar tarbiyasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Ayni kunda to‘ng‘ich o‘g‘li Shoxruh Toshkent moliya institutida, qizi Farangiz esa Urganch davlat universitetida tahsil olishmoqda.

Sharqshunos olim V. Moskalev o‘zbek ayollari haqida tarixiy etnografik ocherk yozayotib, “O‘zbek ayolining tabiatida tug‘ma faollik, tug‘ma qiziquvchanlik va tug‘ma aql mavjuddir”, degan to‘xtamga keladi. Bunday so‘zlarni o‘qir ekanmiz, beixtiyor ko‘z o‘ngimizda Vatanimiz tinchligini, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek mashaqqatli vazifani sharaf bilan ado etayotgan podpolkovnik Sayyora Allaberganova singari g‘ayrat-shijoatli ayollarimiz namoyon bo‘ladi. Bunday fidoyilar bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.

                                               

                                                                      Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Text to speech