Soha fidoyilari: Xorazm viloyati IIB XTTB YHXG YPX katta inspektori, katta leytenant Azizbek Boltayev
Yoz oyi. Jazirama issiqning shashti ancha baland. Ayniqsa, yurtimizning janubiy sarhadlarida kunlik isish darajasi ancha yuqori. Anashunday kunlarning birida germaniyalik sayyoh Schuhmann Johannes Urganch shahrining go‘zal va xushmanzara joylarini tomosha qilayotib, o‘zini yomon xis etdi. Piyodalar yo‘lagidan zo‘rg‘a odimlayotgan xorijlik mehmon birdan yo‘l chekkasidagi daraxtga suyangancha o‘tirib qoldi. Bu holatga ko‘zi tushgan viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi yo‘l harakat xavfsizligi guruhi YPX katta inspektori, katta leytenant Azizbek Boltayev darhol uning yoniga kelib, ingliz tilida undan hol-ahvol so‘radi. Sayyoh xizmat kiyimidagi xodimning xorijiy tilda erkin va ravon gapirayotganini eshitib, biroz hayratlandi va qon bosimi oshganligini, tibbiy yordamga muhtojligini aytdi. Mehmonning sog‘ligida jiddiy muammolar borligini sezgan katta leytenant A. Boltayev uni harakatlantirmasdan darhol “Tez tibbiy yordam”ga xabar berdi. Bemorni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgan shifokorlar uni tezda shu yaqin atrofdagi kasalxonaga olib borishdi. Xullas, inspektor hamda shifokorlarning o‘z vaqtida ko‘rsatgan yordami va tibbiy muolajalari tufayli bemorning hayoti saqlab qolindi. O‘zini yaxshi his etgan Schuhmann Johannes tibbiyot xodimlariga hamda xoloskori-Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi YHXG YPX katta inspektori, katta leytenant Azizbek Boltayevga samimiy minnatdorlik bildirdi. Mehr-oqibatli, mehmondo‘st o‘zbek eliga tashrif buyurganidan juda mamnun ekanligini izhor etdi.
Inson yoshlikdan sevgan kasbiga mehr qo‘yib, unga erishish uchun tinmay intiladi. O‘qiydi, izlanadi. Ota-onasining, yaqinlarining maslahatini oladi. Shu sohaning hadisini olgan kishlarning nasihatlariga quloq tutadi. Sohaning ilg‘or kishisi, bilimdoni bo‘lishga, o‘zining butun hayotini tanlagan kasbiga bag‘ishlashga intiladi. Lavhamiz qaxramoni yangiariqlik Azizbek Boltayev ham yoshlikdan ana shunday aniq maqsad sari dadil odimladi.
Urganch Davlat universitetining xorijiy tillar fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan Azizbek bir yil Yangiariq tumanidagi 25-umumtaʼlim maktabida ingliz tilidan o‘quvchilarga saboq berdi. Shundan so‘ng uni tanlagan kasbi-viloyat IIB XTTB YHXG YPX katta inspektori lavozimiga xizmatga qabul qilishdi. Orzusiga erishgan Azizbek sohaning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganishga kirishdi. Ustozi mayor Matyoqub Madaminovning maslahatlariga, nasihatlariga, o‘gitlariga amal qildi. Bilmaganlarini so‘rab o‘rgandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mustaqil ish yurita oladigan, buyruq va ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajaradigan masʼuliyatli xodimga aylandi.
Mana to‘rt yildirki, ushbu masʼuliyatli vazifada sidqidildan xizmat qilayotgan katta leytenant Azizbek Boltayev yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l transporti hodisalarining oldini olish, viloyatga tashrif buyurayotgan turistlar xavfsizligini taʼminlashda sidqidildan xizmat qilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatga 214 ming 500 nafar turistlar tashrif buyurdi. Shundan 197 ming nafari mahalliy, 17 ming 500 nafari esa xorijiy sayyohlardir. Ularning boy madaniy merosimiz joylashgan hududlarga xavfsiz kuzatuvini tashkil etishda aynan lavhamiz qaxramonining xizmatlari alohida tahsinga loyiq. Chunki ushbu muhim tadbirlar jarayonida birorta ham ko‘ngilsiz voqea-hodisalar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
-Kasbiga mehr qo‘ygan kishi qiyinchiliklardan aslo cho‘chimaydi,-deydi viloyat IIB XTTB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov.-Aksincha uni yengishga, muvaffaqiyatlarga erishishga, kasbining fidoyisi bo‘lishga intiladi. Katta leytenant Azizbek Boltayevning tabiatida ham ana shunday ijobiy hislatlarni, fazilatlarni ko‘rishimiz mumkin. Bu esa uning tajribali osoyishtalik posboni sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lmoqda.
Inson hayoti davomida amalga oshirgan har bir ezgu va xayrli ishlari bilan xalqning nazariga tushadi. Lavhamiz qaxramoni ham o‘zining fidoyi xizmati bilan ana shunday eʼtirofga munosib bo‘layotgan yoshlardan biridir.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.