“Sog‘lom va barkamol oila”: Xorazm viloyati sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvining hududlararo bosqichiga mezbonlik qildi
Respublikamizning 3-sektorlarida yashovchi oilalar o‘rtasida sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarini o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Turizm va sport vazirliklarining qo‘shma qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatining 3-sektorlarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sovrini uchun “Sog‘lom va barkamol oila” shiori ostida o‘tkazilgan sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining shahar-tuman miqiyosidagi va viloyat miqiyosidagi g‘oliblari aniqlanganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
24 dekabr kuni Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida yuqoridagi musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari o‘rin olgan hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Xorazm viloyati mezbonlik qilgan mazkur musoqabada “Stol tennisi”, “Quvnoq startlar”, “Shashka”, “Shaxmat” va “Badminton” turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan oilalar o‘rtasidagi qoraqalpog‘istonlik Otaniyazovlar oilasi 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, xorazmlik Sodiqovlar oilasi 2-o‘ringa munosib ko‘rildi, sportsevarlik borasida Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan Egamovlar oilasiga teng keladigani topilmadi, o‘zlarining epchillik va chaqqonliklarini namoyish etgan ushbu oila sport musobaqasining mutloq g‘olibi deb topildi.
“Eng yaxshi maʼnaviy yetuk oila” nominatsiyasida g‘oliblikni aniqlash uchun kitobxon oilalar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuv ham unutilmas va hayojonli jarayonlarga boy bo‘ldi.
Xorazm viloyati Axborot kutubxona markazida tashkil etilgan bellashuv ishtirokchilari, oilalarida kitobxonlikka eʼtibor qaratilganligini, ayniqsa farzand tarbiyasida kitobning alohida o‘rin tutganligini ko‘rsata oldilar.
Kitobxonlik bellashuvi yakunida navoiylik Kamolovlar oilasi 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan Mambetkarimovlar oilasi 2-o‘rindan joy oldilar, Xorazm viloyati vakili bo‘lgan Karimovlar oilasi eng yaxshi maʼnaviy yetuk oila deb topilib, bellashuv g‘olibiga aylandi.
“Sog‘lom va barkamol avlod” shiori ostida bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqa g‘oliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan tantanali tarzda topshirildi. Musobaqalarning hududiy bosqichida 1-o‘rinni egallagan Navoiy viloyati vakili Egamovlar va Xorazm viloyati vakili Karimovlar oilasiga Ichki ishlar vaziri sovrini uchun bo‘lib o‘tayotgan mazkur sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma berildi.
Qizg‘in va murosasiz baxslarga boy bo‘lgan musobaqa ishtirokchilar va tashkilotchilarda unitilmas taassurot qoldirdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati