Soha faxriylarining Xivaga sayohati uyushtirildi
Bugungi kunda Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida soha faxriylari bilan olib borilayotgan ishlar yangicha tizim va yangicha yondashuv asosida amalga oshirilmoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad faxriylarning boy hayotiy va kasbiy tajribasidan unumli foydalanish, yosh kadrlar va faxriylar o‘rtasida ustoz-shogird anʼanani rivojlantirish hamda faxriylarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini taʼminlashdir.
Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xizmat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriylar o‘zlarining hayotlarini ichki ishlar organlari faoliyati bilan qayta bog‘lashdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Chunki boshqarmada o‘tkaziladigan har bir tantanali tadbirga faxriylar albatta aziz mehmon sifatida taklif etiladi. Ularning xizmat faoliyati davomida amalga oshirgan ijobiy ishlari tinglanadi.
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedovning tashabbusi bilan faxriylar ishtirokida amalga oshirilgan navbatdagi tadbir ham bu borada amalga oshirilgan ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Xorazm viloyati IIB faxriylar kengashi bilan kelishilgan holda bir guruh faxriylarning Xiva shahriga sayohati tashkil etildi.
Faxriylar dastlab Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” muzey-qo‘riqxonasining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildilar.
Shundan keyin, uzoq yillar yurt tinchligi yo‘lida yelkama-yelka xizmat qilgan sobiq safdoshlar bir piyola choy ustida dildan suhbatlashdilar.
Soha faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar uzviy davom etadi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati