14 Iyun 2022 yil 467

Soha fidoyilari: Bog‘ot tumani IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori leytenant N.Artiqova faoliyatiga nazar

Bog‘ot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori leytenant Nasiba Artiqova qisqa davrda tumanda yashovchi xotin-qizlarning biriga opa, biriga singil yana biriga dugona bo‘lib qoldi.

Tumandagi 45 mingga yaqin oilada istiqomat qilib kelayotgan qariyb 85 ming nafardan ortiq xotin-qizlarning barchasini tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda, deb bo‘lmaydi.

Leytenant N.Artiqova tumanidagi barcha mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va ularning o‘rinbosarlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Shu bois, oilalarda paydo bo‘lgan har qanday ko‘rinishdagi kelishmovchilik ishtirokchisi bo‘lgan xotin-qizlar dastlabki jarayondayoq mahalla faollari, kayvoni onaxonlarni jalb qilgan holda murosaga keltiriladi.

Albatta, hamma ham birdek murosaga kelmasligi tabiiy, bunday holatlarda esa leytenant N.Artiqova jabr ko‘rgan xotin-qizlarni huquqiy himoya qilishga kirishadi, joriy yilning o‘tgan davrida tayziq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 84 nafar xotin-qizlarga “Himoya orderi” berildi.

Tumandagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarida ham leytenant N.Artiqova fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda. Buni kuni kecha tumanda “mehnat yarmarkasi” tashkil etilib, unga asosan xotin-qizlar taklif etilganligidan ham ko‘rish mumkin.

U xotin-qizlarni doimiy ishga joylashtirgach ham yaqin aloqada bo‘lib, ularni ijtimoiy hayotga to‘liq moslashib ketishlarida doimiy maslahatlar berib boradi.

Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash hamda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning asosini tashkil qiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech