14 Fevral 2022 yil 913

Soha fidoyilari: Yangiariq tumani IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori katta leytenant Nasiba Abdullayeva faoliyatiga nazar

Yangiariq tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori katta leytenant Nasiba Abdullayevani tuman xotin-qizlarining jonkuyar himoyachisi, ularning dardu-tashvishi bilan yashovchi soha fidoyisi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Katta leytenant Nasiba Abdullayeva qisqa davrda tumanda yashovchi xotin-qizlarning biriga opa, biriga singil yana biriga dugona bo‘lib qoldi.

U o‘z xizmat faoliyatida asosan o‘smirlik yoshidagi qizlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratgan. Chunki u yoshligida bilim va biron-bir kasb-hunarni mukammal egallagan qizlar katta hayotga qadam qo‘yganlarida g‘am-tashvishdan holi bo‘ladi deb hisoblaydi.

Shundan kelib chiqqan holda tumanda “5 tashabbus” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarga xotin-qizlarni imkon qadar kengroq jalb etishga intiladi.

Bu borada, tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va ularning o‘rinbosarlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Shuningdek, xotin-qizlarni doimiy ishga joylashtirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Albatta, katta leytenant  N.Abdulayeva tomonidan hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro hamjihatlikda amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar, pirovard natija - xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda ular tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish borasida o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

2021 yil davomida va joriy yilning o‘tgan davrida Yangiariq tumanida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oldingi yillarga nisbatan keskin kamayganligini maʼlumot tariqasida keltirib o‘tishimiz mumkin.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech