Sohada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ishtirokida navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi Qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi” asosida ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan barcha xodimlarning umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, g‘urur, iftixor, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori masʼuliyat hislarini oshirish maqsadida hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishda olib borilayotgan tadbirlar ko‘lami kengayib bormoqda.
Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan xotin-qizlar ishtirokida o‘tkazildi.
Maxmud az-Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Matonatli o‘zbek ayoli timsoli” mavzusida o‘tkazilgan ushbu seminarga Urganch davlat universitetining malakali mutaxassislari trener sifatida taklif etildi.
Ochiq, samimiy va o‘zaro ishonch tamoyili asosida o‘tkazilgan davra suhbatida ichki ishlar organlari xodimalari o‘zlarining xizmat faoliyatida uchraydigan turli xolatlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Shuningdek, Qo‘shko‘pir tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xotin-qizlar masalari bo‘yicha katta inspektori mayor Gulnoza Gulyamovaning “Yil ayoli” milliy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lganligi eʼtirof etilib, unga ko‘rik-tanlovning respublika bosqichidagi ishtirokida omad tiladilar.
O‘tkazilgan ushbu seminar ishtirokchilarga xizmat faoliyati va shaxsiy hayoti davomida zarur bo‘ladigan boy tajribalarni bera olganligi bilan barchada katta taassurot qoldirdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati