Sog‘lom hayot sari birgalikda!
Dunyo bo‘ylab 1988-yildan boshlab har yili 1-dekabrda Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni nishonlanadi. Mazkur kun sog‘lom hayot tarzini ilgari surish borasidagi eng muhim kunlardan biriga aylanib, OITS haqida jamoatchilikni xabardor qilish, ushbu kasallikdan vafot etgan insonlarni yodga olish va qolaversa, OITSga qarshi kurash yo‘lidagi yutuqlarimiz, jumladan, bu kasallikning jadallashishini to‘xtatib turish va oldini olish bo‘yicha xizmatlardan foydalanish imkoni endilikda yana-da ko‘proq insonlarda mavjudligini eslash uchun yaxshi imkoniyat.
Respublikamizda, qolaversa, viloyatimizda ham “1-dekabr - Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni”ni keng nishonlash anʼanaga aylangan.
YUNEYDS maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo axolisining 37 mln.dan ortig‘i bugungi kunda OIV infeksiyasi bilan yashamoqda. Dunyo bo‘ylab OIV epidemiyasi masshtablarining o‘sishi, xozirgi kungacha maxsus profilaktika (vaksina)ning yo‘qligi, haqli ravishda bu kasallikni insoniyatning jiddiy global muammolari qatoriga kiritish mumkin.
OIV - odamning immunitet tanqisligi virusi.
OIV infeksiyasi - Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan, klinik belgilarsiz virus tashib yuruvchanlikdan immun tizimni og‘ir zararlanishigacha olib boradigan surunkali yuqumli kasallikdir.
Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) - OIV infeksiyasi taʼsirida yaqqol immunitet tanqisligi fonida rivojlanadigan immunitet tanqisligi sindromidir.
Demak, OIV odam organizmining immun tizimini yemiradi, oqibatda zararlangan organizm har qanday dardga qarshi kurashishga ojiz bo‘lib qoladi.
OIV - infeksiyasining 3 xil yuqish yo‘li tasdiqlangan:
-Qon orqali (Parenteral yo‘l), yaʼni OIV infeksiyasi bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning komponentlari quyilganda, qon qoldiqlari mavjud bo‘lgan nosteril tibbiy va notibbiy asboblar qayta ishlatilganda, giyoxvand moddani inyeksiya yo‘li bilan qabul qilganda boshqa shaxs ishlatgan shprisni qayta ishlatganda.
-Jinsiy yo‘l orqali - OIV infeksiyali shaxs bilan himoyalanmagan jinsiy aloqalarda. Betartib, tasodifiy jinsiy hayot kechiruvchilarda ko‘proq uchraydi.
-Vertikal yo‘l orqali - OIV infeksiyasi yuqqan onadan homilaga yoki chaqaloqqa: homiladorlik davrida, tug‘ruq vaqtida, bolani OIV - infeksiyali ona suti bilan emizishda.
OIV infeksiyasini onadan - bolaga yuqishining oldini olish maqsadida homiladorlikning 12-xaftasiga qadar ayollar maslahatxonasiga ro‘yhatga turib, OIV infeksiyasiga tekshirilishi lozim. OIV infeksiyasi aniqlangan homilador ayollar dispanser ro‘yxatiga olinib, zaruriy profilaktik chora-tadbirlar olib boriladi. Kasallikning tug‘ruq yo‘llari orqali onadan bolaga yuqishining oldini olish maqsadida sunʼiy usulda kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘diriladi. OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan chaqoloqlar sunʼiy ovqatlantiriladi. Ushbu chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, OIV infeksiyasini onadan bolaga o‘tishining oldi olinadi. Buning uchun homiladorlar o‘z vaqtida ayollar maslahatxonasiga ro‘yhatga turishi lozim.
Kasallikni qanday belgilari mavjud?
Kasallik yuqqandan keyin yashirin davri boshlanadi va hech qanday klinik belgilarsiz bir necha oydan 5 - 10 yilgacha davom etishi mumkin. Bu davr epidemiologik jihatdan eng xavfli davr hisoblanadi, chunki bu paytda virus qonda sezilarli darajada bo‘lmagani uchun OIV bilan zararlangan odam muayyan vaqtgacha virusning taʼsirini sezmaydi va kasallikni o‘zi bilmagan holda boshqalarga yuqtirib yurishi mumkin.
Kasallikning dastlabki alomatlari: Tana haroratining ko‘tarilishi, limfa tugunlarining kattalashuvi, oylab davom etuvchi ich ketishi, tana vaznining kamayishi, nafas yo‘llari yallig‘lanishi, teri va jinsiy aʼzolar shilliq qavatlarining yallig‘lanishi, og‘iz bo‘shlig‘ida yallig‘lanish, turli-tuman infeksiyalar kuzatiladi.
OIV infeksiyasi yuqish xavfini qanday kamaytirish mumkin?
-oilaga , turmush o‘rtog‘iga to‘liq vafodor bo‘lish;
-faqat shaxsiy ustara, tish cho‘tkalari va boshqa shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish;
-tibbiy va notibbiy muolajalar olish zaruriyati tug‘ilganda faqatgina steril, bir marta ishlatiladigan anjomlardan foydalanish.
OIV quyidagi xollarda yuqmaydi?
-Do‘stona qo‘l berib salomlashganda, quchoqlashib ko‘rishganda;
-Yo‘talganda,aksirganda;
-Qon so‘ruvchi xashoratlar (chivin, bit, kana va boshq) chaqqanda;
-Oziq-ovqatlar va idish-tovoqlardan umumiy fydalanganda;
- Ochiq suv xafzalarida, basseyn, vanna va dush qabul qilganda;
- Bir xonadonda birga yashaganda ;
-Maishiy umumiy narsalar (soqol olish uchun mo‘ljallangan asbob uskuna, tish cho‘tkasidan tashqari);
-Ustki kiyimlardan;
Nikohlanuvchilar to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tib turmush qursalar, yosh oilalar o‘rtasida OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishga erishamiz. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2003-yil 25-avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqidagi 365-sonli qaroriga amal qilgan holda yosh nikohlanuvchilar to‘ydan oldin 5 ta mutaxassis ko‘rigidan;
-Ruhiy-asab kasalligi
-Giyohvandlik
-OIV infeksiyasi
-Teri-tanosil kasalligi
-Sil kasalligiga tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart
OIV infeksiyasi surunkali kasallik, uni butunlay davolashni imkoni hali mavjud emas.Shu sababli, bemorlar butun umrlari davomida tibbiy yordamga muxtoj bo‘ladilar. Xozirgi kunda butun dunyoda kasallikni maxsus davolash usuli (retrovirusga qarshi terapiya ) amaliyotga tadbiq qilingan bo‘lib, muolajalar natijasida OIV- infeksiyasini yuqtirgan odamlar butunlay yaxshi bo‘lmaydi, ularning umri uzayadi, hayot tarzi yaxshilanadi.
Mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun horijiy davlatlarga chiquvchi shaxslar – migrantlarning yangi mehnat va turmush sharoiti, oiladan uzoq bo‘lishi, ularning hulq-atvorini o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida ularni OIV infeksiyasi va boshqa jinsiy yo‘l orqali yuquvchi kasalliklar bilan kasallanish xavfini oshiradi.
Agarda Sizda OIV infeksiyasi yuqtirib olish xavfini tug‘diradigan omillar kuzatilsa, o‘zingizni ushbu kasallikni yuqtirib olgan yoki olmaganligingizni aniqlash xamda hamda yaqinlaringiz, oila aʼzolaringizga kasallik yuqishining oldini olish maqsadida shahar va tuman tibbiyot birlashmalari qoshida tashkil etilgan “Ishonch xona”siga hamda viloyat OITSga qarshi kurash markazining “Anonim xonasi”ga murojaat qilib, anonim, yaʼni shaxsni sir saqlagan holda qon taxlili topshirishi mumkin.
Har umrning bahori, yozi, kuzi, qishi bor. Har fasl o‘z gashti, mazmuni bilan qadrli. Biroq hayotda o‘ylamay bosilgan qadam, birgina xato inson umrini hazonga aylantirishi hech gap emas. Hayotining hazonga aylanmasligi esa har kimning o‘z qo‘lida ekanligini unutmang!
Xorazm viloyati IIB Tibbiyot bo‘limi Sanitariya epidemiologiya nazorati markazi boshlig‘i Baxtiyor Otaniyazov