31 Oktyabr 2020 yil 731

Sud zalidan reportaj: Jazo tayinlashda aybni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar inobatga olindi       

Jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tumani sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzishda ayblangan shaxslarga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Hazorasplik M. R. Pitnak shahar, “Obod” mahallasi hududidan o‘tgan 4R 156-G avtomobil yo‘lining 3-kilometrida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Neksiya-3” rusumli avtomashinani mast holda boshqarib borayotib, yo‘l harakati qoidalarida belgilangan talablarini hamda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Natijada K. R. tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.

Shuningdek, M. E. “Kobalt” rusumli avtomashinani Tuproqqalʼa tumanidagi “Nukus” mahallasi xududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 492-kilometrida boshqarayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan M. S. boshqaruvidagi “Ural” rusumli mototsiklni orqa qismidan urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan. Oqibatda M. S. olgan tan jarohatidan hodisa joyida, mototsikl yo‘lovchisi D. R. esa shifoxonaga yetmasdan vafot etishgan.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, ularning muqaddam sudlanmagani, keltirilgan zararlar to‘liq bartaraf etilgani, fuqaroviy daʼvogar, jabrlanuvchi hamda jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari tomonidan daʼvo bildirilmagani, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani, mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafil bo‘lish haqidagi iltimosnomasi inobatga olinib, ular transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, turli muddatlarga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

 

                                                              Sardor TOGONOV,

                                                            Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat

                                                           sudining sudyasi.

Text to speech