Talaba va o‘quvchilarga internet hamda mobil qurilmalardan xavfsiz foydalanish qoidalari tushuntirildi
Joriy yilning 26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi boshchiligida, mutasaddi vazirlik va idoralardan tuzilgan Ishchi-guruhi tomonidan Xorazm viloyatida joylashgan 5 ta umumiy o‘rta-taʼlim maktabining 180 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlari va o‘qituvchilari uchun “Internet va telefon qurilmalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari” mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimi S.B.Sadikov tadbir ishtirokchilariga Internetdagi tahdidlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha o‘quvchi-yoshlarga mo‘ljallangan targ‘ibot ishlarining mazmun-mohiyatini yetkazdi.
Shundan so‘ng, Vazirlik masʼul xodimlari, Ishchi-guruh vakillari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori vazifasini bajaruvchi M.M.Kaxarova, Xalq taʼlimi vazirligi axborot kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini taʼminlash bo‘limi bosh mutaxassisi A.Abdusalomovlar tomonidan “Kiberbulling, yaʼni internetdagi zo‘ravonliklarni oldini olish”, “O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida internet va mobil qurilmalardan foydalanish madaniyatini shakllantirishning maʼnaviy maʼrifiy jihatlari” va “Internet va telefon qurilmalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari” mavzularida chiqishlar qilindi.
Keyingi o‘rinda, umumiy o‘rta-taʼlim maktablarining o‘quvchi-yoshlari va o‘qituvchilari uchun Vazirlik Kiberxavfsizlik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Kiberyordamchi” tizimining faoliyati bo‘yicha maʼlumot berib o‘tildi.
Tadbir qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘lib, o‘quvchi-yoshlarlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan targ‘ibot tadbirlari doirasida Ishchi-guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati