Taqiqlangan ekinlarni ekish va yetishtirish bilan bog‘liq xolatlar fosh etildi
Joriy yilning 1 may kuni “Qoradori-2022” tezkor-profilaktik tadbirining birinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, mazkur tadbir doirasida Xorazm viloyati IIB tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash bilan birgalikda, taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq bir necha xolatlarni fosh etishga erishildi.
Jumladan, joriy yilning 9 iyun kuni Hazorasp tumani IIB xodimlari tomonidan Hazorasp tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan O.R. ning tomorqasi ko‘zdan kechirilganida, u 13 tup “kannabis” o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Shu kuni, tumandagi “Sanoat” qishlog‘ida yashovchi, ilgari giyohvadlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, 1957 yilda tug‘ilgan, F.M.ning tomorqa yeri tezkor xodimlar tomonidan xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida esa u ham 10 tup “kannabis” o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, joriy yilning 9 iyun kuni Xoravzm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan Yangibozor tumanidagi fermer xo‘jaligiga qarashli paxta ekilgan dala maydoni ko‘zdan kechirilganida, fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi, 1992 yilda tug‘ilgan E.M. dala chekkasiga 14 tup “kannabis” o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi fosh etildi.
Ushbu shaxslar tomonidan ekib, parvarishlab kelinayotgan “kannabis” o‘simligi belgilangan tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib, yig‘ib olinib, sudga oid kimyoviy ekspertizadan o‘tkazilganida ular taqiqlangan ekinlar tarkibiga kirishi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur xolatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati