28 Aprel 2022 yil 557

Targ‘ibot tadbirlari “Mahallamda kiberjinoyat bo‘lmaydi!” shiori ostida bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 28-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi boshchiligida,O‘zbekiston Musulmonlari idorasi hamda mutasaddi vazirlik, idoralari xodimlaridan tuzilgan Ishchi-guruhi tomonidan Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida joylashgan “Bog‘zor” mahallasida, mahallaning 100 nafarga yaqin aholisi, ota-onalar uchun “Mahallamda kiberjinoyat bo‘lmaydi!” shiori ostidagi “mahallabay” profilaktik targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimi S.B.Sadikov tadbir ishtirokchilariga Internetdagi tahdidlarni barvaqt oldini olish mahalla aholisiga mo‘ljallangan targ‘ibot ishlarining mazmuni va mohiyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda kiber tahdidlardan xoli namunali mahallani shakllantirish maqsadida viloyatning Bog‘ot tumanidagi “Bog‘zor” mahallasi tanlab olinganligi, ushbu mahalla aholisi bilan targ‘ibot ishlarini “xonadonbay” tamoyilida olib borib, fuqarolarning Internet tarmog‘idagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha “immuniteti”ni shakllantirish, “kibergigiyena”sini oshirish rejalashtirilganligini eʼlon qildi.

Shundan so‘ng, Vazirlik masʼul xodimlari, Ishchi-guruh vakillari va Urganch shahar bosh imom xatibi X.A.Kenjayev tomonidan “Kiberjinoyatlar bugungi kundagi asosiy tahdidlardan biri”, “Kiberjinoyatlarning diniy nuqtai nazardan taqiqlanganligini aholiga tushuntirish”mavzularida chiqishlar qilindi.

Keyingi o‘rinda, mahalla aholisiga Kiberjinoyatlardan xoli mahallani shakllantirish bo‘yicha Vazirlik Kiberxavfsizlik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Kibermahalla” tizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tizim imkoniyatlari haqida aholiga tushuntirishlar berilib, kelgusida ushbu tizim orqali virtual makonda targ‘ibot ishlarini olib borish haqida maʼlumotlar berildi.

Tadbir qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘lib, mahalla aholisi bank plastik kartalaridan foydalanish qoidalari, farzandlarining telefon qurilmalari, Internet tarmog‘idan foydalanganda zararli axborotlardan himoya qilish, ularni nazorat qilib, tarbiyalab borish bo‘yicha o‘zlariga kerakli maʼlumotlar ega bo‘ldilar.

Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan targ‘ibot tadbirlari doirasida Ishchi-guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech