6 Dekabr 2021 yil 887

Tarkibida narkotik va psixotrop moddalari bo‘lgan dori-darmonlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish faol davom etmoqda

Bugungi kunda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan bir qatorda, inson ongi va sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalar ham keng tarqalayotgani dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda.

Shu bois mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bilan birgalikda kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muamalaga kiritilishiga qarshi kurashish ham kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.

Joriy yilning noyabr oyi respublikamizda “Tarkibida narkotik va psixotrop moddalari bo‘lgan dori-darmonlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish” oyligi deb eʼlon qilinib, bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, Xorazm viloyati IIB va Hazorasp tumani IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda 10 noyabr kuni o‘tkazilgan tadbirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan, D.K. ismli ayol  35 ta konvalyutadagi jami 350 dona “Tramadol  Lannaxer” yozuvli giyohvandlik dori-vositalarini 7 000 000 so‘mga sotgan vaqtida jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shuningdek, joriy yilning 19 noyabr kuni Xorazm viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan Bog‘ot tumani “Oqtepa” mahallasida joylashgan dorixona belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, ushbu dorixona      peshtaxtasida 278 konvalyutadagi jami 2785 dona kapsula “ZARDEX” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari kelgusida sotib o‘tkazish maqsadida saqlab kelinayotganligi aniqlandi.

Yuqoridagilardan tashqari, 2021 yil 18 noyabr kuni Qo‘shko‘pir tumani IIB JQB xodimlari shu tumanda yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, U.O. boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, avtomashina haydovchisi va uning yo‘lovchisi, shu tumanda yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan N.O. larning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, har birining yonida qog‘oz varag‘iga o‘ralgan holdagi “geroin” giyohvandlik vositasi borligi maʼlum bo‘ldi.

Bundan tashqari, 27 noyabr kuni Xiva shahar IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda, Xiva shahrida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan R.R. qog‘oz varag‘iga qadoqlangan “geroin” giyohvandlik vositasini 1 000 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotayotgan paytida qilmishi fosh etilib, jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech