Tarkibida narkotik va psixotrop moddalari bo‘lgan dori-darmonlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish oyligi davom etmoqda
Bugungi kunda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan bir qatorda, inson ongi va sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalar ham keng tarqalayotgani dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda.
Shu bois mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash bilan birgalikda kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muamalaga kiritilishiga qarshi kurash ham kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilning noyabr oyi respublikamizda “Tarkibida narkotik va psixotrop moddalari bo‘lgan dori-darmonlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish” oyligi deb eʼlon qilindi.
Shundan kelib chiqqan holda, Xorazm viloyatida mazkur oylik doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Viloyat IIB va uning quyi tizimlarida bu boradagi chora-tadbirlarning reja asosida amalga oshirilishi kunlik tahlil etib borilmoqda.
Shuni taʼkidlab o‘tish lozimki, viloyat ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida tarkibida narkotik va psixotrop moddalari bo‘lgan dori-darmonlar, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish va o‘tkazish bilan bog‘liq bir necha jinoyat fosh etildi. Ko‘p miqdordagi dori preparatlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muamalaga kiritish) dispozitsiyasi yangi tahrirda eʼlon qilinib, 2020 yil 23 oktyabr kunidan kuchga kirdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati