24 Sentyabr 2021 yil 546

“Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Ayol, xotin-qizlar qadrlangan jamiyatdagina rivojlanish, taraqqiyot va farovonlik bo‘lishi isbot talab qilmaydigan hayot qonuni ekanligini bugun barcha anglab yetgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Buni bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash, ularning har tomonlama himoyasini taʼminlash maqsadida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar natijasi o‘laroq ham ko‘rishimiz mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tuman sudi tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbati ham “Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

Sud raisi Shuhrat Xo‘janiyozov olib borgan mazkur davra suhbatida ichki ishlar, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, shuningdek o‘zini-o‘zi boshqarish organlari masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

Dastlab viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Dilnoza Bog‘ibekovaning bugungi kunda viloyatimizda, xususan Yangibozor tumanida xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, hamda ularning tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Interaktiv usulda o‘tkazilgan davra suhbati davomida ishtirokchilarning mavzu doirasidagi savollariga qonuniy yechim topish maqsadida mutaxassislarning fikr-mulohazalari eshitildi.

Jumladan, “Himoya orderi”ning samaradorligini yana-da oshirish borasida bildirilgan fikrlar inobatga olinib, kelgusida amaldagi qonunchilikka qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar berish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Bugungi kunda Yangibozor tumanida xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi ijobiy baholanib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech