Test sinovlari jarayonida qonuniylik va adolatni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar
Barchamizga maʼlumki joriy yilning 5 avgust kunidan boshlab mamlakatimiz bo‘ylab 2021/2022-o‘quv yili uchun abituriyentlardan test sinovlarini qabul qilishga start berildi.
Albatta deyarli barcha abiturentlar talaba bo‘lish orzusida ushbu test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishadi. Shunday bo‘lsada, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidan, abituriyentlar orasida ham fanga oid bilimlarni emas, test sinovlarida taqiqlangan xolatlarni puxta egallashga harakat qiladiganlar uchrab turadi.
Ammo bunday ustamon abituriyentlarni aniqlash, test sinovlari jarayonida qonuniylik va adolatni taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Albatta ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda innovatsion texnika va texnologiyalar imkoniyatidan ham keng foydalanilmoqda.
Jumladan, Urganch shahridagi “Xorazm” o‘yingohida 5 avgust kuni o‘tkaziladigan test sinovlariga qo‘shko‘pirlik, 1992 yilda tug‘ilgan, D.I.ning o‘rniga uning opasi, 1990 yilda tug‘ilgan, S.I. kirishga uringanida nazorat o‘tkazish punktida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining ziyrakligi sababli to‘xtatib qolindi.
Shuningdek, 6 avgust kuni ertalab o‘tkazilgan test sinovlariga elektron hisoblash uskunasi (kalkulyator)ni yashirin tarzda olib kirishga uringan, qashqadaryolik, 1995 yilda tug‘ilgan, M.Q, va uyali telefon vositasini olib kirishga uringan, urganchlik, 2003 yilda tug‘ilgan S.A larning qoidabuzarligi nazorat o‘tkazish punktida xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan fosh etildi.
Xiva tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan, G.A. esa bevosita imtixon jarayonida uyali telefondan foydalanayotganligi aniqlandi.
Yuqoridagi xolatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, qoidabuzar abituriyentlarning barchasi test sinovlaridan chetlashtirildi.
Shu o‘rinda barcha abituriyentlardan test sinovlari jarayonida o‘rnatilgan tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati