To‘y va marosimlar kasallik o‘chog‘iga aylanmasligi lozim
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan karantin qoidalari bir karra yumshatilib, to‘y va oilaviy marosimlarni uy sharoitida ko‘pi bilan 30 kishi ishtirokida o‘tkazishga ruxsat berilgan bo‘lsada, kundalik hayotimizda ayrim hollarda to‘y va marosimlarni 30 kishidan ortiq shaxslar ishtirokida o‘tkazish holatlarining guvohi bo‘lmoqdamiz.
Shundan kelib chiqqan holda Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tashabbusi bilan “Payshanba –huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida aholi orasida to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazishda karantin qoidalariga rioya qilish bo‘yicha profilaktik ishlar olib borildi.
To‘y va marosimlarni o‘tkazishda asosan xotin-qizlar turli ortiqcha urf-odatlarni amalga oshirishga harakat qilishlari bois, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari to‘y o‘tkazishni rejalashtirayotgan xonadon bekalari bilan uchrashib, karantin qoidalariga, ayniqsa to‘y va marosimlarga 30 nafardan ortiq mehmon taklif etmaslik tartibiga qatʼiy rioya etish yuzasidan tushuntirishlar berdilar.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, to‘y va marosimlarni o‘tkazishda karantin qoidalariga rioya etmaslik, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati