Tug‘ilgan kunimizni to‘rt yil kutamiz
2000-yili Xonqa tumanida tug‘ilganman. Maktabga borgach, tug‘ilgan kunim har yili nishonlanmasligini anglab, juda xafa bo‘lganman. Ota-onam meni ovutish uchun 28-fevral kuni sinfdoshlarimni uyimizga taklif qilib, tug‘ilgan kunimni nishonlashardi. Lekin bu bazmlar negadir menga tatimasdi. Bir gal yangi yil arafasida opam Iroda 2012-yil taqvimini sovg‘a qildi. Taqvimdagi 29-fevral sanasini ko‘rib, quvonchim ichimga sig‘may ketdi. Bu taqvim men uchun eng qadrli sovg‘a bo‘lgandi o‘shanda.
Ochig‘i, hozir ham har yili tug‘ilgan kunini nishonlaydigan hamkasblarimga, tengdoshlarimga, yaqinlarimga havasim keladi. Tabriklar, qutlovlar, dil izhorlari... Men esa to‘rt yilda bir marotaba takrorlanadigan bu sanani intiqlik bilan kutaman. Bayramona bezatilgan dasturxon atrofida do‘stlarim bilan diydorlashib, shirin suhbatlar quramiz, beg‘ubor yoshlik davrimizni eslaymiz. Hayotning bunday quvonchli onlari, shirin lahzalari kimga zavq-shavq bag‘ishlamaydi, deysiz.
Farida SULTONOVA,
Urganch tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi surishtiruvchi vazifasini bajaruvchi, leytenant.