Tuproqqalʼa tumanida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni kuchaytirish belgilab olindi
Joriy yilning 12-sentyabr kuni Tuproqqalʼa tumanida Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Tuproqqalʼa tumani IIB va tuman hokimligi Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘limi hamkorligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-mart kunidagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining Tuproqqalʼa tumanidagi ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, tumanda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda tuman hokimligi, ichki ishlar bo‘limi va mahalla fuqarolar yig‘ishlarining o‘zaro hamkorligi atroflicha tahlil etilib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish istiqbollari belgilab olindi.
Mahallada yashovchi, oilaviy nizolar sababli “himoya orderi” berilgan xotin-qizlarning himoya huquqi buzilishining oldini olishda tuman ichki ishlar bo‘limiga yaqindan yordam berib kelayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini ayollar faollariga minnatdorchilik bildirildi.
Shundan keyin ishchi guruh aʼzolari Tuproqqalʼa tumanida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash ahvolini yaqindan o‘rganish maqsadida tumandagi 3-sektor rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan tikuvchilik sexida bo‘lib, ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati