27 Sentyabr 2021 yil 631

O‘g‘irlik jinoyati bo‘yicha sud hukmi eʼlon qilindi

2021 yil 17 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan ochiq sayyor sud majlisida o‘g‘rilik, yaʼni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishda ayblangan fuqaroga sud hukmi o‘qildi.

M.R. o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishni maqsad qilib, 2021 yil 29 iyun kuni soat 02-30larda Qo‘shko‘pir tumani, Kenagas qishlog‘i, Kenagas mahallasida yashovchi tanishiga tegishli bo‘lgan “Nexia 3” rusumli avtomashina eshigini sim bilan ochib, avtomashina salonida bo‘lgan  4.550.000 so‘m pul va  2100 AQSH dollarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, avtomashina egasigaa jami 26.746.560 so‘mlik ancha miqdorda moddiy zarar yetkazadi.

Jinoyat “issiq izidan” fosh etilganligi sababli, ushbu shaxs  o‘g‘irlangan pullarni sarflashga ulgurmagan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, uning aybiga to‘la iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, bo‘ydoqligi, moddiy ahvoli va imkoniyati, ota-onasining qaramog‘ida yashab kelayotgani, ishsizligi, yetkazilgan mulkiy ziyon to‘liq bartaraf etilganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi, muqaddam sudlanmaganligi inobatga olinib, unga oylik ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

 Shu o‘rinda, fuqarolardan o‘zlarining shaxsiy buyumlari va moddiy qimmatliklarini avtomashina salonida qarovsiz qoldirmasliklarini so‘raymiz. Chunki bunday eʼtiborsizlik g‘araz niyatda bo‘lgan shaxslar uchun qulay vaziyatni keltirib chiqarishini unutmaylik.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tuman sudi raisi A.Aminov

Text to speech