27 Aprel 2022 yil 470

Urganch davlat universitetida “Kibertahdidlarga birgalikda qarshi kurashish davr talabi” mavzusida targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 27 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil fevral oyidagi “Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi boshchiligida,Oliy va o‘rta-maxsus taʼlim vazirligi hamda mutasaddi vazirlik, idoralari xodimlaridan tuzilgan Ishchi-guruhi tomonidan Xorazm viloyatida joylashgan oliy taʼlim muassasalari, Xorazm viloyati Urganch davlat universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali, Toshkent tibbiyot Akademiyasi Urganch filialining 200 nafardan ortiq talaba-yoshlari va o‘qituvchilari uchun “Kibertahdidlarga birgalikda qarshi kurashish davr talabi” mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimi B.S.Sadikov tadbir ishtirokchilariga Internetdagi tahdidlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha talaba-yoshlarga mo‘ljallangan targ‘ibotishlarining mazmuni va mohiyatini yetkazib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Vazirlik masʼul xodimlari, Ishchi-guruh vakillari Oliy va o‘rta-maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshlig‘i o‘rinbosari B.F.Farxodov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Kiberxavfsizlik fakulteti katta o‘qituvchisi D.G‘.Abdullayev va Urganch shahar bosh imom xatibi X.A.Kenjayevlar tomonidan “Kiberjinoyatlar bugungi kundagi asosiy tahdidlardan biri”, “Talabalar va professor-o‘qituvchilarning kiberxavfsizlikni taʼminlashdagi rolini yana-da oshirish masalalari” va Internet tarmog‘ida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning diniy tomonlama shariatga xilof xususiyatlari mavzularida chiqishlar qilindi.

Keyingi o‘rinda, talaba-yoshlarga Vazirlik Kiberxavfsizlik markazi tomonidan “Kiberyordamchi” tizimi ishlab chiqilganligi bo‘yicha taqdimot qilinib, ushbu tizimga kirish va undan foydalanish Internet tarmog‘iga ulangan holda onlayn real-vaqt rejimida amaliy ko‘rsatib berildi.

Tadbir qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘lib, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan targ‘ibot tadbirlari doirasida Ishchi-guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech