14 Oktyabr 2022 yil 550

Urganch shahrida faol xotin-qizlar hamkorligini kuchaytirish belgilab olindi

Joriy yilning 14 oktyabr kuni Urganch shahrida Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB va shahar hokimligi Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘limi hamkorligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 mart kunidagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining Urganch shahridagi ijrosi muhokama qilindi.

Xususan, shaharda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda shahar hokimligi, ichki ishlar bo‘limi va mahalla fuqarolar yig‘ishlarining o‘zaro hamkorligi atroflicha tahlil etilib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish istiqbollari belgilab olindi.

Mahallada yashovchi, oilaviy nizolar sababli “himoya orderi” berilgan xotin-qizlarning himoya huquqi buzilishining oldini olishda ichki ishlar bo‘limiga yaqindan yordam berib kelayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini ayollar faollariga minnatdorchilik bildirildi.

Shuningdek yig‘ilishda ishtirok etgan Xorazm viloyati IIB masʼul xodimi mayor E.Safayev xotin-qizlar o‘rtasida odam savdosi va diniy ektremizm bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish borasidagi ishlar yuzasidan batafsil tushuntirib o‘tdi. 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech