17 Dekabr 2020 yil 697

Urganch shahrida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Qo‘l jangi” bo‘yicha respublika chempionati g‘oliblari aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini taʼminlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirining Farmoyishiga asosan Urganch shahrida joriy yilning 13-17 dekabr kunlari respublika ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida sportning “Qo‘l jangi” turi bo‘yicha respublika chempionati o‘tkazildi.

Mazkur chempionatda respublikamiz ichki ishlar organlarining hududiy va sohaviy yo‘nalishlarida xizmat qilib kelayotgan xodimlardan tashkil etilgan 20 ta terma jamoa tarkibida jami 160 nafar sportchilar 8 vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdilar.

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bellashuvlarda omad kuchlilarga kulib boqdi.

Xalqaro va respublika toifasidagi hakamlar tomonidan boshqarib borilgan ushbu uchrashuvda umumjamoa hisobida Navoiy viloyati IIB terma jamoasiga teng keladigani topilmadi.

Faxrli ikkinchi o‘rinni Buxoro viloyati IIB terma jamoasi egallagan bo‘lsa, shoxsupaning uchinchi pog‘onasini Xorazm viloyati IIB va Qorovul qo‘shinlari bosh boshqarmasi terma jamoalari band etdilar.

Musoqaba g‘olib va sovrindorlari diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Musobaqa yakuniga ko‘ra kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida va xalqaro miqyosda o‘tkazilishi rejalashtirilgan chempionatlarda ishtirok etuvchi Ichki ishlar vazirligi terma jamoasi tarkibiga nomzodlar tanlab olindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech