Urganch shahrida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Qo‘l jangi” bo‘yicha respublika chempionati boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash hamda ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy tayyorgarligini oshirish, xodimlar o‘rtasida sportni yana-da ommalashtirish, xalqaro miqyosdagi musoqabalarda ishtirok etuvchi sportchilar zaxirasini ichki ishlar organlarining munosib xodimlari hisobidan boyitish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha chempionatlar o‘tkazib kelinmoqda.
Bu boradagi amaliy chora-tadbirlarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirining Farmoyishiga asosan joriy yilning 13-17 dekabr kunlari respublika ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida sportning “Qo‘l jangi” turi bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan chempionatni ham kiritishimiz mumkin.
Mazkur chempionatga qadimiy va navqiron Xorazm viloyati mezmonlik qilmoqda.
13 dekabr kuni Urganch shahriga yetib kelgan ishtirokchilar dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, vaznlari o‘lchandi.
14 dekabr kuni Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida “Qo‘l jangi” musobaqasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Sport ishqibozlari bilan to‘lgan mazkur majmuada respublikaning barcha hududiy ichki ishlar organlari va Vazirlikning sohaviy xizmatlari shaxsiy tarkibidan saralab olingan 20 ta ishtirokchi jamoa vakillari saf tortishdi.
Tantanali tadbirni Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarga musobaqa jarayonida omad yor bo‘lishini tiladi.
Anʼanaga ko‘ra musobaqa yosh sportchilarning namunaviy chiqishlari bilan boshlandi. Unda IIV Xorazm akademik litseyining o‘quvchilari hamda “Dinamo” Jismoniy tarbiya va sport jamiyati qoshidagi sport to‘garaklarida tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlar o‘zlarining iqtidorlarini namoyish etishdi.
Shundan keyin chempionat bellashuvlariga start berildi. Bunda dastlab ishtirokchilarning “Qo‘l jangi” usullarini qay darajada o‘zlashtirganligi musobaqa hakamlari tomonidan baholandi.
Chigalyozdi mashqlarini bajargan ishtirokchilar qurʼaga ko‘ra gilamga chiqdilar.
Eslatib o‘tamiz, 8 vazn toifasida bellashuvchi, 20 ta terma jamoada tarkibidagi 160 nafar ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokidagi mazkur chempionat joriy yilning 17 dekabr kuniga qadar davom etadi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati