25 Noyabr 2021 yil 653

Urganch shahrida talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni maʼnaviyatimizga yot g‘oyalar taʼsiridan saqlash hamda ularda jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi murosasizlik hissini shakllantirish orqaligina kelgusida jamiyat uchun foydali kadrlar yetishib chiqishini taʼminlash mumkin.

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasining masʼul xodimlari ayni kunlarda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar  o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid uchrashuvlar va davra suhbatlarini o‘tkazib kelmoqdalar.

Ana shunday uchrashuvlardan navbatdagisi Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali talabalari bilan bo‘lib o‘tdi.

“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” va “Yangi O‘zbekistonni yuksak bilim va zakovatga ega yoshlar bilan birgalikda quramiz”, “Taʼlim tizimida zo‘ravonlik (bulling) profilaktikasi” nomli mavzular asosida tashkil etilgan davra suhbatida viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik D.Bog‘ibekova tomonidan talabalarga xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bu borada qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid tushunchalar berilgan bo‘lsa, Xorazm viloyati IIB masʼul xodimi E.Safayev va Urganch tumani Bosh imomining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi A.To‘rayevalar esa diniy mutaassiblik, uning ko‘rinishlari, shuningdek odam savdosi jinoyatidan jabrlangan xotin-qizlarning taqdiri to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdilar.

Shuningdek, talabalarga internet va undagi ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan to‘g‘ri  foydalanish yuzasidan ham zarur tavsiyalar berildi.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech