Urganch tumanida "geroin" va "gashish" giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘ygan ikki nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xorazm viloyatida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” oyligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari natijasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq navbatdagi jinoyat fosh etildi.
Jumladan, 13-fevral kuni Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘zaro hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Urganch tumanining “Shermatlar” mahallasi hududida joylashgan avtomashina yuvish shoxobchasida Urganch tumani “Qumravot” mahallasida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan, S.B. va uning sherigi, tumanning "Shermatlar" mahallasida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan, F.X. larning yoni gumon tariqasida xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, S.B. cho‘ntagida 0,22 gramm "geroin" va 0,54 gramm "gashish" giyohvandlik vositasini, uni sherigi F.X. esa 14 bo‘lak qog‘oz parchasiga qadoqlangan, umumiy vazni 0,88 gramm bo‘lgan "geroin" giyohvandlik vositasini kelgusida o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 25-273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gumondorlar protsessual tartibda ushlangan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati