Urganch tumanida giyohfurushlikka qo‘l urgan ayolning jinoyati muhokama qilindi
Respublikamiz bo‘ylab keng qamrovda olib borilayotgan “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida Xorazm viloyatida kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish va yetishtirish, shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olish, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq jinoiy holatlar fosh etilganligi, achinarlisi bu turdagi jinoyatlar xotin-qizlar tomonidan ham sodir etilayotganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir natijasida giyohfurushlik bilan bog‘liq qonunga xilof qilmishi fosh etilgan, Urganch tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan M.R. ismli ayolning xatti-harakatlari, o‘zi yashovchi mahallada, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi.
Muhokama jarayonida so‘zga chiqqan Urganch tumani IIB rahbariyati, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, imom-xatib, otinoyi va mahallada yashovchi kayvoni onaxonlar giyohvandlik - asr vabosi ekanligi, u boshqa og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarga sabab bo‘layotgani to‘g‘risida hayotiy misollarni keltirib, bu kabi jinoyatlarning xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotganligi esa nafaqat qonunlarimizga, shu bilan birgalikda milliy qadriyatlarimizga ham mutlaqo zid ekanligiga to‘xtalib o‘tdilar.
Eslatib o‘tamiz, M.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati