4 Oktyabr 2024 yil 9453

Ustoz muruvvatli bo‘lsa....

Bog‘ot tumani ichki ishlar bo‘limida xodimlarning kasbiy mahorati hamda jangovar shayligini oshirish, dunyoqarashini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bo‘limda bu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda ustoz-shogird anʼanasidan unumli foydalanilyapti.

-Ustoz qanchalik muruvvatli, maʼrifatli bo‘lsa, shogird komil inson bo‘lib voyaga yetadi,-deydi tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor Zafar Bekchanov.-Yurtimiz rivojiga, xalqimiz farovonligini taʼminlashga nafi tegadigan fidoyi insonlardan biriga aylanadi. Shunday ekan, xizmatga yangi qabul qilingan yosh xodimda kasb ko‘nikmasini shakllantirishda, faxriylarimizning boy hayotiy tajribasini, ibratli hayot yo‘lini kengroq o‘rgatib borishda murabbiylarimiz tajribasidan samarali foydalanmog‘imiz lozim. Ana shundagina ko‘pni ko‘rgan, hayotning pastu-balandini anglab yetgan ustoz-murabbiylar qo‘lida saboq olgan yosh xodimlar xalqimizning chinakam mard va jasur posbonlari bo‘lib yetishishadi. Bunday masʼuliyatli vazifani amalga oshirishda podpolkovniklar Bahodir Karimov, Ergash Ollaberganov, mayorlar Murod Zaripov, Asqar Saidov, Zokir Bakiyev, kapitan Odilbek Jumaniyozov singari ko‘plab jonkuyar ustozlarimiz fidoyilik bilan xizmat qilishmoqda.

Tajribali ustoz saboqlarini olgan shogird o‘zining ezgu va xayrli ishlari bilan uning hayot yo‘lini yana-da boyitadi. Xalqimizning unga bo‘lgan mehr-muruvvatini, ishonchini yana-da oshiradi. Tuman ichki ishlar bo‘limida xizmat qilayotgan katta leytenantlar Nodir Qobulov, Sanjar Usmonov, leytenantlar Zokir Ro‘zmetov, Kamron Aminov, Sherzod Ozodov, kichik serjant Akrom Abdullayev kabi ko‘plab yosh xodimlar ana shunday eʼtirofga munosib bo‘lgan yoshlardir.

-Xizmat faoliyatimni boshlagan dastlabki kunlarda biroz bo‘lsa-da qiyinchiliklarga duch keldim,- deydi tuman IIB HPB huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, leytenant Sherzod Ozodov. - Ana shunday kunlarda ustozing chinakam do‘sting, qadrdoning, suyanchig‘ing bo‘larkan. Buni xizmat faoliyatim davomida his qildim va ustozimning nasihatlariga, o‘gitlariga qatʼiy amal qildim. Natijada ko‘plab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda, ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, ijobiy yutuqlarga erishdim. Yosh xodimlar o‘rtasidagi xizmat faoliyatga oid reyting ko‘rsatkichim ham anchagina salmoqli bo‘ldi. Bunday yutuqlarni qo‘lga kiritishimda ustozim, mayor Murod Zaripovning munosib hissasi bor.

Ichki ishlar bo‘limida boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan ustoz-murabbiylarning yosh xodimlar bilan o‘zaro hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bois, barcha sohaviy xizmatlarda ijobiy yutuqlarga erishilmoqda.

 

Xudoybergan JABBOROV,

                                                                       “Postda” gazetasi muxbiri

Text to speech