HUQUQIY TARG‘IBOT TADBIRLARI
Xorazm viloyat IIB TB yuridik taʼminlash bo‘limi xodimlari tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yana-da yuksaltirish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bo‘lim xodimlari viloyat xududidagi korxona va tashkilotlarda, mahallalarda, muassasalarda aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazishmoqda. Karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazilayotgan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasida qabul qilinayotgan yangi Qonunlar, Farmon va Qarorlar hamda meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun - mohiyati atroflicha tushuntirib berilyapti. Shuningdek, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga oid turli mavzularda seminar mashg‘ulotlar hamda davra suhbatlari o‘tkazishmoqda.
-Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bo‘lim yuriskonsultlari tomonidan 58 ta buyruq va 27 ta farmoyishlar huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi,-deydi viloyat IIB TB YUTB boshlig‘i, mayor Odilbek Jabborov.-Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan 202 ta shartnomalarning qonun hujjatlariga muvofiqligi o‘rganib chiqildi. Shundan 2 ta shartnoma qonunchilikka mos kelmasligi sababli bekor qilindi. Bundan tashqari, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga nisbatan 7 ta daʼvo arizasi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ularning 4 tasi boshqarma foydasiga ijobiy hal etildi va 3 tasi bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.
Viloyat xududidagi taʼlim muassasalarida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida o‘quvchilarni terrorizm, diniy ekstremizm hamda giyohvandlikning salbiy illatlardan himoya qilish maqsadida profilaktik targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilyapti. Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarda yoshlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish masalalari ham keng muhokama qilinyapti. Hamkorlikda o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar aholining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.