O‘zaro hamkorlik - muammolar yechimining samarali usuli
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasidagi ishlar mutlaqo yangi tizimda olib borilayotganligi hech kimga sir emas.
Ushbu yangi tizimning o‘ziga xos jihatlaridan biri bu xotin-qizlar muammosini o‘rganish va bartaraf etish endilikda birgina tashkilotning vazifasi bo‘lib qolmay, jamiyatimizdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi asosida amalga oshirilmoqda.
Xususan, xotin-qizlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar xotin-qizlar qo‘mitasi va hududiy ichki ishlar organlari hamkorligida amalga oshirib kelinmoqda.
Xorazm viloyati Hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi G.Qurbanbayeva va viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari mayor D.Bog‘ibekova hamda Gurlan tumani IIB masʼul xodimlari hamkorligida Gurlan tumanida o‘tkazilgan profilaktik uchrashuv ham aynan tumanda xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratildi.
Uchrashuvda Gurlan tumani Navbahor mahallasida joylashgan yotoqxonada vaqtinchalik istiqomat qilib kelayotgan xotin-qizlarning muammolari va o‘zaro nizoli holatlari muhokama qilindi.
Muhokama yakuniga ko‘ra ushbu yotoqxonada yashovchi xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini doimiy ravishda o‘rganib borish, ularga ijtimoiy-huquqiy yordam berish borasida Gurlan tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari va tuman IIB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori masʼul etib biriktirildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati