28 Aprel 2022 yil 586

Vazir o‘rinbosarining Xorazm viloyatida sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi

Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlarini tinglash, bu boradagi dolzarb masalalarni o‘rganish va ularni hal qilish maqsadida Xorazm viloyatida Prezident Administratsiyasi, xalq qabulxonalari, sud, Sudyalar oliy kengashi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlari ishtirokida sayyor ommaviy qabullar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, sayyor ommaviy qabullar 28 aprel kuni Shovot, Gurlan va Yangibozor tumanlari aholisi uchun Shovot tumani istirohat bog‘ida hamda Xiva shahri va Xiva, Qo‘shko‘pir, Yangiariq tumanlari aholisi uchun Xiva shahridagi “Ogahiy” ijod maktabi binosida bo‘lib o‘tdi.

Bugun bo‘lib o‘tgan sayyor ommaviy qabulda respublika sud-huquq sohasi rahbariyati bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzarahimov ham ishtirok etib, fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlarini o‘rgandi.

Murojaatlar asosan ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish, xizmatga qayta tiklash, shuningdek, ichki ishlar organlari ish yurituvida bo‘lgan hujjatlarning qonuniy hal etishga oid masalalaridan iborat bo‘ldi.

Har bir murojaatning tegishli tartibda o‘rganib chiqilishi va qonuniy qaror qabul qilinishi qatʼiy nazoratga olindi.

Xorazm viloyati aholisi uchun ommaviy sayyor qabullar 29 aprel kuni ham davom etadi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech