Xalqaro oila kuni munosabati bilan davra suhbatlari o‘tkazildi
15 may – Xalqaro oila kuniga bag‘ishlab joylarda turli maʼnaviy –maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi.
Sana munosabati bilan uyushtirilgan tadbirlarda Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari ham faol ishtirok etdilar.
Jumladan, Xorazm viloyati sudida o‘tkazilgan davra suhbatida ishtirok etgan viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik D.Bog‘ibekova “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida sud-huquq tizimining o‘rni” mavzusida so‘z yuritdi. Notiq o‘z chiqishida bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish samaradorligini yana-da oshirish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud tizimining o‘zaro hamkorligi hamda axborot almashinuvini yaxshilash yuzasidan takliflar berdi.
Shuningdek voyaga yetmagan farzandlari uchun tayinlangan aliment summasini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxslar bilan profilaktik ogohlantirish va bunday shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash borasida majmuriy ijro byurosi bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish belgilab olindi.
Xalqaro oila kuniga bag‘ishlangan uchrashuv va davra suhbatlari Urganch davlat universitetida ham o‘tkazildi. Unda bevosita mazkur universitetda xizmat olib boruvchi profilaktika inspektori mayor M.Himmatova Universitet xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, universitet psixologi bilan hamkorlikda talaba xotin-qizlar o‘rtasida oila mustahkamligini taʼminlashga oid zarur tavsiyalar berdilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati