Xiva shahrida faol xotin-qizlar hamkorligini kuchaytirish belgilab olindi
Joriy yilning 27 sentyabr kuni Xiva shahrida Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Xiva shahar IIB va shahar hokimligi Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘limi hamkorligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 mart kunidagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining Xiva shahridagi ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, Xiva shahrida xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda tuman hokimligi, ichki ishlar bo‘limi va mahalla fuqarolar yig‘ishlarining o‘zaro hamkorligi atroflicha tahlil etilib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish istiqbollari belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilish yakunida ishtirokchilarga viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan tayyorlangan profilaktik yo‘nalishdagi bukletlar tarqatildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati