20 Dekabr 2022 yil 498

Xiva shahrida hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda

Xiva shahrida “Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya va reabilitatsiya qilish, hamda ularga tergov va sud jarayonlarida psixologik hamrohlik qilish” mavzusida mintaqaviy seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy yilning 19-21 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu seminar-treningda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro va Xorazm viloyatlarida faoliyat yuritayotgan NNT (nodavlat, notijorat tashkilotlari) va davlat ijtimoiy xizmatlari psixologlari va ijtimoiy xodimlari ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Seminar-treningning dastlabki kunida O‘zbekiston Respublikasi IIVning odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan masʼul xodimlari ham ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurash va odam savdosidan jabrlanganlarni ruhiy reabilitatsiya qilishni taʼminlash sohasidagi milliy qonunchiligi, odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish, odam savdosi hodisasi, O‘zbekiston Respublikasida odam savdosidan jabrlanganlarni psixologik-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha amaliy choralar, odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazida odam savdosi jabrdiydalariga psixologik hamrohlik qilish, Damitau tashkilotining misolida odam savdosidan jabrlanganlarga zamonaviy psixoterapiya usullarini qo‘llash mavzularida o‘zaro fikr almashdilar.

Shuningdek, IIV masʼul xodimlari tomonidan bugungi kunda respublikamizda odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.

Shuningdek seminar-trening davomida tergov va jinoiy ishni ko‘rib chiqish jarayonida odam savdosidan jabrlanganlarga psixologik hamrohlik qilishning konseptual asoslari va yondashuvlari hamda hamrohlik qilishni tashkil etish kabi masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech