Xiva shahrida “Qovun sayli” tadbirining xavfsiz o‘tishi taʼminlandi
So‘nggi yillarda Xorazm viloyati hududida xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar, ko‘plab ilmiy-amaliy konferensiyalar, turli sayllar, festivallar, bayram kechalari o‘tkazilishi anʼanaga aylanib bormoqda. Ushbu tadbirlarda viloyatga tashrif buyurayotgan mahalliy hamda chet ellik sayyohlar ham ishtirok etib, unutilmas taassurotlarga ega bo‘lishyapti.
Joriy yilning 4 sentyabr kuni Xiva shahrining “Ichan qalʼa” turizm namoyishi obyekti hududida “Gurvak-Xorazm qovunchiligi ramzi” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Anʼanaviy tarzda o‘tkazilgan mazkur “Qovun sayli”da viloyatning dehqon va fermer xo‘jaliklari, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, mahalliy va chet ellik sayyohlar ishtirok etishdi.
-Mazkur tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, Xorazm qovunchilik tajribasini keng targ‘ib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlarni yurtimizga keng jalb qilish, ularni tariximiz, qadimiy urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, milliy qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir,-deydi viloyat IIB XTTB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov.-Ko‘tarinki ruhda o‘tgan mazkur tadbir ana shu ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam eta oldi.
“Qovun sayli”da viloyatning folklor-etnografik guruhlari, yosh estrada xonandalarining chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, gullar va hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi ham tashkil etildi.
-O‘zbekistonni bayramlarga boy davlat sifatida kashf qildim,-deydi ispaniyalik sayyoh Saenz Yustes Evamaria.-Mamlakatingizda o‘tkazilayotgan har bir tadbirda bayramona ruhni sezish mumkin. “Qovun sayli” esa ana shunday quvonchli onlarga, betakror lahzalarga boy bo‘ldi. Bunday tantanada qatnashganimdan juda baxtiyorman.
Tadbir davomida viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tegishli idora va tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar hamda chet ellik sayyohlar xavfsizligini taʼminlash bilan bir qatorda xorijiy turistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil tushuntirishlar ham berib borishdi.
Xullas, “Qovun sayli” barcha-barchada unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.