17 Iyun 2022 yil 577

Xiva shahrida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi ishlar tizimli ravishda tashkil etilgan

So‘nggi yillarda jamiyatimizda xotin-qizlarning faolligini oshirish, gender tenglikni taʼminlash hamda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijobiy tomonga o‘zgarganligi hech kimga sir emas.

Albatta xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida asosiy masʼuliyatni ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari o‘z zimmasiga olgan.

Xiva shahar IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori katta leytenant Maʼmura Rajabova ham shaharda istiqomat qiluvchi barcha xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi ishlarni tizimli ravishda tashkil etib kelayotganligi bois, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning miqdori davriy ravishda kamayishiga erishildi.

Xiva shahridagi qariyb 25 mingga yaqin oilada istiqomat qilib kelayotgan 47 ming nafardan ortiq xotin-qizlarning tashvishli va quvonchli kunlarida birdek yonida turishni o‘zining asosiy burchi deb bilgan katta leytenant M.Rajabova oilalarda paydo bo‘lgan har qanday ko‘rinishdagi kelishmovchilikni dastlabki jarayondayoq mahalla faollari, kayvoni onaxonlarni jalb qilgan holda bartaraf etib kelmoqda.

Shu bilan birgalikda katta leytenant M.Rajabova tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida tayziq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 94 nafar xotin-qizlarga “Himoya orderi” berildi.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarida ham katta leytenant M.Rajabova fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda.

Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash hamda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning asosini tashkil qiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech