Xiva tumani IIB yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi
Davlatimiz rahbarining taklifi va tashabbusi bilan to‘rt yil oldin Xiva tumanida negizida Xiva shahri va Xiva tumani tashkil etilgan edi.
Xiva tumani IIB faoliyat ko‘rsatib kelgan maʼmuriy bino Xiva shahri hududida joylashganligi sababli, bu binosidan kelgusida Xiva shahar IIB faoliyatida foydalanish maqsadga muvofiq deb topildi va Xiva tumani IIB uchun yangi maʼmuriy bino qurishga kirishildi.
Joriy yilning 19 fevral kuni Xiva tumani IIB maʼmuriy binosini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xiva tumani sektor rahbarlari, tuman IIB shaxsiy tarkibi va sohaning bir guruh faxriylari ishtirok etgan ushbu tantanali tadbirda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik osoyishtalikni taʼminlash borasida ichki ishlar organlari tomonidan hamda ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasida davlat va hukumat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek tadbirda, Xiva tumani Hokimi H.Matrasulov, viloyat IIB boshlig‘ining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik R.Rahimov hamda ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi polkovnik A.Tojiyevlar so‘zga chiqib, mazkur yangi bino foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.
Xiva tumani IIB maʼmuriy binosining ochilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vaziri tomonidan ajratilgan avtobus hamda Xiva tumani Hokimligi tomonidan ajratilgan televizor xizmatda foydalanish uchun bo‘lim ixtiyoriga topshirildi.
O‘z navbatida mazkur binoni qurishda faol qatnashgan quruvchilarga Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining tashakkurnomasi topshirildi.
Ramziy lenta kesilgach barcha ishtirokchilar bo‘limda shaxsiy tarkib, shuningdek murojaat bilan kelgan fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, milliy arxitektura va zamonaviy qurilish texnologiyasi asosida barpo etilgan ushbu bino Xiva tumani hududida tinchlik-osoyishtalik hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli kafolati ramziga aylanishi bilan birgalikda, maʼmuriy-boshqaruv idoralari bilan uyg‘unlashgan holda tumanning maʼmuriy markazini shakllantirishda ham munosib o‘rin tutishi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati