Xiva tumanida sodir etilgan jinoyat jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi
Sodir etilgan har qanday jinoyatni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish, kelgusida bu kabi jinoyatlarni oldini olish va jamiyatda jinoyatchilikka murosasizlikni oshirishda o‘zining ijobiy samarasini berib kelmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, Xorazm viloyatida sodir etilgan jinoyatlar Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinishi qatʼiy yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, joriy yilning 31 yanvar kuni Xiva shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro N.X. tomonidan Xiva tumanining “Otajon to‘ra” mahallasida sodir etilgan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) ko‘rsatilgan jinoyat 1 fevral kuni mazkur mahallada keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlari, Xiva tumani prokuraturasi va IIB masʼul xodimlari, mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va uning o‘rinbosarlari hamda mahallada yashovchi bir guruh fuqarolar ishtirokida ushbu jinoyatning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar, jinoyatni barvaqt oldini olishi lozim bo‘lgan, lekin bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddi shaxslarning fikr mulohazalari, hisobotlari tinglanib, ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi.
Muhokama yakunida, aholining daxldorligi va ogohligini oshirish maqsadida mazkur mahallaning kirish yo‘liga “Mazkur mahallada jinoyat oshgan”, “Biz jinoyat sodir etgan har qanday shaxsdan nafratlanamiz” so‘zlari qayd etilgan ko‘rgazmali bannerlar o‘rnatildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati