16 Dekabr 2021 yil 749

Xizmat fidoyilari: Faxrli kasb egasi    

Ilhomboy akaning kasbi haydovchi. U insonlarning uzog‘ini yaqin qiluvchi, o‘ziga ishonilgan yuklarni manzilga o‘z vaqtida, betalofat yetkazuvchi faxrli kasb egasi. Zotan uning o‘zi ham kasbim-faxrim, iftixorim, deyishni xush ko‘radi.

Xorazm viloyati IIB xo‘jalik bo‘limi erkin yollangan haydovchisi Ilhomboy Yusupov bu so‘zlarni o‘zining 40 yillik haydovchilik tajribasiga tayanib aytadi. U yigirma yoshida haydovchilik guvohnomasini qo‘liga olib, Urganch shahridagi 2534-sonli avtokorxonada haydovchi bo‘lib ishlay boshladi. Shu yili uni harbiy xizmatga chaqirishdi. Ikki yil davom etgan harbiy xizmat uning  uchun katta hayot imtihoni bo‘ldi. Bu yerda u dastlab bir oylik haydovchilik kursini tugatdi. Keyin polk komandirining xizmat avtomashinasini boshqardi. Harbiy xizmatdan qaytgach, yana o‘zi ish boshlagan avtokorxonaga keldi. Oradan bir yil o‘tgach, yaʼni 1993 yilda Ilhomboy Yusupov viloyat ichki ishlar boshqarmasining xo‘jalik bo‘limiga erkin yollangan xizmatchi lavozimiga ishga qabul qilindi va turli rusumdagi  xizmat avtomobillarini boshqardi.

Yetarli tajriba va mahoratga ega bo‘lgan bu yigit uzoq yillar viloyat IIB  xo‘jalik bo‘limidagi “KAVZ”, “Pinving” avtobuslari, “ZIL-130” yuk mashinasini ham boshqardi. Poytaxtdan viloyat ichki ishlar organlari uchun zarur bo‘lgan turli yuklarni viloyatga o‘z vaqtida va  betalofat yetkazdi. Baʼzan avtobus ruliga o‘tirib, xodimlarni Yangiariq tumanidagi “Sho‘rko‘l” massivida joylashgan o‘quv-dala poligoniga, sayohatlarga, majlis va boshqa tadbirlarga tashidi.

Lavhamiz qaxramoni ayni kunlarda ham tanlagan kasbiga mehr qo‘yib, fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. U g‘ayrat-shijoati, o‘z kasbiga sadoqati, hamkasblariga g‘amxo‘rligi, tartib-intizomi bilan rahbariyatning ishonchini qozondi. Hamkasblarining hurmat-eʼtiboriga sazovor bo‘ldi. Bu fidoyiligi tufayli IIV hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan bir necha bor rag‘batlantirildi.

-Hadisi sharifda oila muqaddas, sanalgan,-deydi viloyat IIB Xo‘jalik bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Shodlik Bobojonov. -Buni yaxshi anglagan Ilhomboy aka turmush o‘rtog‘i O‘g‘iljon opa bilan bir o‘g‘il, ikki qiz va 4 nafar nevarani komil inson qilib tarbiyalab, oila mustahkamligi, tinch va totuvligiga alohida eʼtibor berishyapti. O‘g‘li kichik serjant Sanjarbek milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi safida xizmat qilmoqda. Qizlari Shoxnoza va Dilnozalar ham jamiyatimizning turli sohalarida fidoyilik bilan mehnat qilishyapti. Xullas, faxrlansa arziydigan, eng namunali oilalardan biri.  

Yaqinda Ilhomboy Yusupov 60 yoshni qarshiladi. Viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor D. Nazarmuxamedov kasbining chinakam fidoyisi bo‘lgan bu insonni qutlug‘ yoshi bilan samimiy qutladi. Tadbirda ishtirok etgan Ilhomboy akaning hamkasblari, shogirdlari ham o‘zlarining ezgu tilaklarini, dil izhorlarini bildirishdi.

 

                                                                       Xudoybergan JABBOROV,

                                                                              “Postda” muxbiri

Text to speech