23 Fevral 2022 yil 590

Xizmat intizomi va qonunchilikka rioya qilishni taʼminlash - qatʼiy maqsadimiz

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yana-da kuchaytirildi. Xususan, davlat boshqaruvi organlarida bu borada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, har bir xodimning xizmat intizomi va qonunchilikka og‘ishmay rioya qilishiga erishish maqsadida aniq yo‘naltirilgan manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasining barcha sohaviy va hududiy organlarida xizmat qilayotgan shaxsiy tarkibning korrupsiyaga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan  chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti, shuningdek Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va uning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishlardan ko‘zlangan maqsad ham yuqoridagi chora-tadbirlarning uzviy qismidir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan masʼul xodimlar ayni kunlarda ichki ishlar organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tartib va yo‘nalish hamda muvofiqlashtirish-nazorat tizimini belgilovchi ichki idoraviy hujjat qabul qilinayotganligi, bundan tashqari xizmat intizomini taʼminlashga qaratilgan profilaktik tadbirlarning kuchaytirilishi, xodimlar o‘rtasida qayd etilayotgan korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qatʼiy choralar belgilanishi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar.

Shuningdek targ‘ibot tadbirlari taʼsirchanligini oshirish yuzasidan IIV Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan “Xiyonat” nomli videofilm  shaxsiy tarkibga namoyish etildi. Shu bilan birgalikda korrupsiyaning salbiy oqibatlari aks etgan bukletlar ham xodimlarga tarqatib chiqildi.

Endilikda shaxsiy tarkibning korrupsiyaga qarshi immunitetini mustahkamlash maqsadida ularning  “halollik qasamyodini” qabul qilishi va har bir ichki ishlar organlarining kirish qismiga pora olish va berish yoki unda vositachilik qilish jinoyatining huquqiy oqibatlari aks etgan “Korrupsiyaga qarshi kurash” burchaklari tashkil etilishi belgilab olindi.

Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi O‘zbekistonga xos bo‘lgan “maʼnaviyat va bilim bilan qurollangan” zamonaviy ichki ishlar organlarining xodimlarini “inson qadri himoyachilari” qilib shakllantirishdir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech