Xonadon karantinga olinsa qanday qoidalarga rioya qilish lozim?
Bugun mahalla va ko‘chalarda yurganimizda ayrim xonadonlar eshigiga “Xonadon karantinga olingan!” degan yozuv yopishtirilganligiga ko‘zimiz tushadi.
Xo‘sh, ushbu yozuvlar qanday maʼnoni anglatadi?
Barchamizga maʼlumki ayni kunlarda butun dunyo mamlakatlaridagi kabi yurtimizda ham koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash ishlari keng miqiyosda olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyaning joriy yil 24 iyuldagi 37-son yig‘ilish bayonida profilaktika inspektori, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi va mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari tomonidan koronavirusga chalingan bemor xonadoni karantinga olinishi va ushbu xonadonlarga profilaktika inspektori yoki mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari tomonidan yuqoridagi rasmda aks ettirilgan belgi o‘rnatilishi qayd etilgan.
Shuningdek, mazkur bayonda profilaktika inspektori karantinga olingan xonadonlarni nazorat qilish bo‘yicha quyidagilarni, yaʼni har kuni belgilangan vaqtlarda maʼmuriy xududda joylashgan karantinga olingan xonadonlarni o‘rganib chiqishi, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hamda milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda karantinga olingan xonadonlarga qoidalarga rioya qilgan holda eslatma varaqasini tarqatishi hamda kun davomida zarurat bo‘lganda ushbu xonadon egasi bilan telefon orqali bog‘lanib vaziyatni o‘rganib borishi kabilar belgilab qo‘yilgan.
Karantinga olingan xonadonda davolanayotgan bemorlar va ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga nisbatan maxsus komissiya tomonidan tavsiya etilgan eng asosiy qoidalardan biri esa ko‘chaga chiqmaslik va mehmon chaqirmaslikdir.
Karantinga olingan xonadonlarda istiqomat qiluvchi shaxslarning qoidalarga rioya qilishlarini ichki ishlar organining hududiy profilaktika inspektori nazorat qiladi va ularga bu borada mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, ko‘chaboshi va uyboshilar amaliy yordam berishadi.
Karantin qoidalariga rioya etmagan fuqarolar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan yana bir bor karantin qoidalariga qatʼiy rioya etishlarini so‘rab qolamiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati