24 Noyabr 2021 yil 650

Xorazm viloyati bojxona boshqarmasida "25 noyabr - Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni" munosabati bilan seminar bo‘lib o‘tdi

Zo‘ravonlikning har qanday turi inson huquqlariga qarshi jinoyatdir va bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. "25 noyabr - Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni" munosabati bilan Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan viloyat IIB Huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilnoza Bog‘ibekova ishtirokida  “Ayollarni zo‘ravonlikdan himoyalaymiz!” mavzusida boshqarma shaxsiy tarkibi bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Shuni alohida aytish lozimki, dunyodagi davlatlarning kam qismi ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunlarni qabul qilgan. Bu borada O‘zbekiston “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilgan sanoqli davlatlar qatoriga kiradi. Bu qonunlar davlat va boshqa tegishli tashkilotlarni ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashish va ularga barham berishga chaqiradi.

Tadbirda gender zo‘ravonlikning ko‘rinishlari, yaʼni ruhiy, jismoniy va iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, ayollarni o‘z haq-huquqlari bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lishi zarurligi yuzasidan maʼruzalar qilindi.

Shuningdek, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va reproduktiv yoshidagi ayollar o‘limi va ularning mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishining muhim sabablari, zo‘ravonlikka uchragan ayollarga himoya orderi qay tartibda berilishi hususida maʼlumot berildi.

– Fursatdan foydalanib, agar Siz atrofingizdagi ana shunday ayollar taqdiridan xabardor bo‘lsangiz, befarq bo‘lmasligingizni so‘raymiz, bizga murojaat qiling va biz birgalikda muammoning yechimini topamiz”, deya davra suhbatini yakunladi – Dilnoza Bog‘ibekova.

Zero, inson hayoti, shaʼni, qadr-qimmati har narsadan ustun.

Laylo G‘aniyeva 
Xorazm viloyati bojxona
boshqarmasi Xotin-qizlar
boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi

Text to speech