19 Aprel 2022 yil 363

Xorazm viloyati giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi

Bugungi kunda dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammolardan biri bu giyohvandlik vositalaridir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shu bois mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB tomonidan viloyat hududida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan,  2022-yil 5-aprel kuni Qo‘shko‘pir tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida tumanning “Ittifoq” mahallasida yashovchi, 1957-yilda tug‘ilgan X.O. sof vazni 0.03 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik vositasini 400 000 so‘mga sotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shuningdek, Urganch shahrida yashovchi,  1997-yilda tug‘ilgan B.O. Urganch tumanida yashovchi, tanishlari 1996-yilda tug‘ilgan J.K., M.A., lar bilan jinoiy til biriktirib, 2022-yil 14-aprel kuni Urganch shahar “Bobur” mahallasi hududida vazni 1.26 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini 1 000 000 so‘mga sotgan paytida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

Bundan tashqari, 2022-yil 15-aprel kuni Xorazm viloyati IIB va Tuproqqalʼa tumani IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, Tuproqqalʼa tumani “Sharlauk” mahallasi xududida xarakatlanib kelayotgan “Nexia” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ushbu avtomashinada kelayotgan yo‘lovchi, Hazorasp tumanida  yashovchi, 1970-yilda tug‘ilgan F.A. ning yonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, cho‘ntagida 0,15 gr “geroin” giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan. Surishtiruv jarayonida u ushbu giyohvandlik vositasini Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan S.M. dan sotib olganligi maʼlum bo‘ldi.

Keltirib o‘tilgan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech