26 Yanvar 2023 yil 455

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi.

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida joriy yil 26 yanvar kuni  OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi.

Bu galgi matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-10-sonli Qaroriga oid bo‘lganligi bois, jurnalist va blogerlarning savollariga Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati masʼul xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.

Viloyat IIB boshlig‘ining matbuot kotibi podpolkovnik Z.Ismoilov anjuman ishtirokchilariga spikerlar va anjuman mavzusi yuzasidan axborot bergach, dastlabki so‘z navbati viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik A.Imyaminovga berildi.

Notiq o‘z so‘zida mazkur tarixiy qaror nafaqat ichki ishlar organlari faoliyatida, balki davlat va jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini taʼkidlab, qarorning asosiy maqsadi ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini taʼminlash, mahallalar, aholi turar joylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yana-da mustahkamlash ekanligini aytib o‘tdi.

OAV vakillari, bloger va jurnalistlar o‘zlarining mazkur qaror yuzasidan qiziqtirgan savollariga masʼul xodimlar tomonidan atroflicha javob oldilar.

Shundan keyin bloger va jurnalistlar mazkur qarorni keng jamoatchilik  eʼtiboriga yetkazish borasida hamkorlikka taklif qilindi.

Ijtimoiy tarmoq blogerlari matbuot anjumani davomida muhokama qilingan xolatlardan kelib chiqib, qaor mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etishda faol qatnashishlarini taʼkidlab o‘tdilar.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech